Call-Center: (71) 203 99 66

Davlat xaridlari bo‘yicha markaziy axborot portali haqida

Portal O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirishda xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish jarayonlarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yanada takomillashtirish choralari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.


Davlat xaridlari markaziy axborot portali - O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborot elektron shaklda yuritilishini, shu jumladan, maxsus axborot portali operatorining (keyingi o‘rinlarda — operator) axborot tizimlari bilan o‘zaro ma’lumot almashinuvi orqali davlat xaridlarining reja-jadvallari, davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlar, davlat xaridlarining yakunlari to‘g‘risidagi axborot, davlat xaridlari bo‘yicha statistik axborot va boshqa ma’lumotlarni o‘zining ma’lumotlar bazasida jamlanishini va ulardan barcha jismoniy va yuridik shaxslarning erkin foydalanishini ta’minlovchi maxsus elektron platformasi hisoblanadi.

Portalning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • davlat xaridlari to‘g‘risidagi axborotni shakllantirish va joylashtirish, shuningdek, uning jamoatchilikka ochiqligini ta’minlash;
  • davlat xaridlari elektron tizimi operatorlari axborot tizimlari va boshqa axborot tizimlari bilan ma’lumot almashinuvini amalga oshirish imkoniyatini yaratish;
  • xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish maqsadida axborot majburiy tartibda jamoatchilikka havola etilishini ta’minlash (qonun hujjatlariga muvofiq davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar bundan mustasno);
  • xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazoratini amalga oshiruvchi davlat organlariga o‘z funktsiyalarini bajarishi uchun imkoniyat yaratish;
  • O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuniga hamda O‘zbekiston Respublikasining byudjet tizimi byudjetlari mablag‘lari doirasida yuridik majburiyatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va hisobga olish tartibiga muvofiq axborotni shakllantirish, qayta ishlash, saqlash va taqdim etishni ta’minlash.